1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Maxfiylik siyosati O'zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonuni talablariga muvofiq tuzilgan bo'lib, foydalanuvchilarning shaxsga doir va maxsus (tibbiy) ma'lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydi.
1.2. Ushbu Qonunga muvofiq, shaxsga doir ma'lumotlar bazasining mulkdori va/yoki operatori shaxsga doir ma'lumotlar sub'ektlariga muayyan axborotlarni taqdim etishlari shart. Maxfiylik siyosati ushbu axborotlarni taqdim etish usullaridan biri hisoblanadi.
1.3. Mazkur Siyosat Bemor portalidan veb-brauzer, mobil interfeyslar yoki boshqa elektron aloqa kanallari orqali foydalanilganda amal qiladi.
1.4. Mazkur Maxfiylik siyosatida quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
- Bemor portali — Yagona raqamli sog'liqni saqlash platformasi (keyingi o'rinlarda — Platforma) doirasida faoliyat yurituvchi, bemorlar va ularning qonuniy vakillariga shaxsiy tibbiy ma'lumotlarga kirish hamda Platformaning funksional imkoniyatlaridan foydalanishni ta'minlovchi veb-interfeys;
- shaxsga doir ma'lumotlar — muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo'lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog'ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot;
- maxsus ma'lumotlar — irqiy yoki ijtimoiy kelib chiqishga oid ma'lumotlar, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid e'tiqodlar, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga a'zolik to'g'risidagi ma'lumotlar, shuningdek jismoniy yoki ruhiy (psixik) salomatlikka taalluqli ma'lumotlar, shaxsiy hayot va sudlanganlik to'g'risidagi shaxsga doir ma'lumotlar;
- biometrik ma'lumotlar — sub'ektning anatomik va fiziologik o'ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma'lumotlar (barmoq izlari, yuz ko'rinishi, ko'z gavhari, ovoz xususiyatlari va boshqalar);
- genetik ma'lumotlar — sub'ektning nasldan-naslga o'tgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli bo'lgan, sub'ektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi bo'lgan shaxsga doir ma'lumotlar;
- shaxsga doir ma'lumotlar sub'ekti (sub'ekt) — shaxsga doir ma'lumotlar o'ziga taalluqli bo'lgan jismoniy shaxs;
- shaxsga doir ma'lumotlar bazasi — tarkibida shaxsga doir ma'lumotlar mavjud bo'lgan axborot tizimi tarzidagi ma'lumotlar bazasi;
- shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish — shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish, tizimlashtirish, saqlash, o'zgartirish, to'ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo'q qilish bo'yicha bir harakatni yoki harakatlar majmuini amalga oshirish;
- shaxsga doir ma'lumotlar bazasining operatori (operator) — shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishni amalga oshiruvchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
- shaxsga doir ma'lumotlar bazasining mulkdori (mulkdor) — shaxsga doir ma'lumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega bo'lgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
- uchinchi shaxs — sub'ekt, mulkdor va (yoki) operator bo'lmagan, ammo shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish bo'yicha holatlar yoki munosabatlar orqali ular bilan bog'liq bo'lgan har qanday shaxs.
1.5. Mazkur Maxfiylik siyosati maqsadlarida quyidagi huquqiy maqomlar va rollar taqsimoti belgilanadi:
- Mulkdor va Asosiy operator: O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi (Manzil: 100011, Toshkent sh., Navoiy ko'chasi, 12-uy) Bemor portalidagi ma'lumotlarga ishlov berishning huquqiy, uslubiy va klinik maqsadlarini, shuningdek foydalanuvchilarning kirish huquqlarini belgilaydi.
- Texnik operator: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 dekabrdagi “Sog'liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg'or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-415-son qarori va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan, Platforma Operatori – Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ (Pochta manzili: 100011, O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mo'minov ko'chasi, 7/1) (keyingi o'rinlarda – Yagona integrator) hisoblanadi. Bunda, texnik operator Bemor portalining dasturiy-texnik infratuzilmasini, ma'lumotlarni markazlashtirilgan saqlashni, kiberxavfsizlik va tizimning 24/7 uzluksiz ishlashini ta'minlaydi. Texnik operator ma'lumotlarning klinik (tibbiy) mazmunini o'zgartirish huquqiga ega emas.
- Klinik operatorlar (Tibbiyot muassasalari): Davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari ma'lumotlarni birlamchi yig'uvchi va kirituvchi bo'lib, ularning tibbiy jihatdan to'g'riligi uchun javob beradi.
- Foydalanuvchi (Sub'ekt): Bemor portalidan foydalanuvchi bemor yoki uning qonuniy vakili.
1.6. Ushbu Maxfiylik siyosati ochiq va hamma foydalanishi mumkin bo'lgan hujjat hisoblanadi. Mazkur hujjatning dolzarb tahriri Platformaning veb-saytida joylashtiriladi va undan cheklanmagan miqdordagi shaxslar erkin foydalanishi ta'minlanadi.
1.7. Shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish quyidagi asosiy printsiplarga muvofiq amalga oshiriladi:
- inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish;
- shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi;
- shaxsga doir ma'lumotlarning aniqligi va ishonchliligi;
- shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi;
- sub'ektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi;
- shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligi.
2. Shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishning maqsadlari va huquqiy asoslari
2.1. Shaxsga doir va maxsus (tibbiy) ma'lumotlarga ishlov berish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
- Bemorlar va ularning qonuniy vakillarining elektron tibbiy yozuvlar, tekshiruvlar natijalari, retseptlar va sog'liqqa oid boshqa ma'lumotlarga bepul va to'sqinliksiz kirishini ta'minlash;
- Shifokor qabuliga masofaviy (onlayn) yozilish, qabullarni boshqarish yoki bekor qilish imkoniyatini berish;
- Elektron tibbiy hujjatlarni (mehnatga layoqatsizlik varaqalari, ma'lumotnomalar va b.) ko'rish va yuklab olish;
- Vasiylikdagi shaxslar (voyaga etmaganlar va muomalaga layoqatsiz deb topilganlar) tibbiy ma'lumotlarini qonuniy vakillar tomonidan boshqarish;
- Tibbiy xizmatlar sifatini va xodimlar vakolatini baholash bo'yicha qayta aloqani amalga oshirish;
- Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali shaxsni tasdiqlash va shaxsiy kabinetning xavfsiz ishlashini ta'minlash;
- Qonunchilik talablariga muvofiq foydalanuvchilar harakatlarining elektron jurnallarini (Log-fayllar) yuritish;
- Identifikatsiya natijalariga ko'ra foydalanuvchining shaxsiy kabinetini darhol shakllantirish hamda operator tomonidan ushbu kabinetning 24/7 rejimida uzluksiz, barqaror va xavfsiz faoliyat yuritishini ta'minlash;
- Qonuniy vakillik (Vasiylik): Boshqa shaxs nomidan va uning manfaatini ko'zlab tibbiy xizmatlarni elektron boshqarish (voyaga etmagan farzandlar uchun ota-onalik huquqi, qonuniy vasiylik, homiylik yoki ishonchnoma asosida vakillik qilish doirasida);
- Tizim xavfsizligi va identifikatsiya: Platforma va Bemor portalidagi shaxsiy profil va xavfsizlik sozlamalarini boshqarish;
- Axborot xavfsizligi va kiberhimoya: Tizimga bo'layotgan kiberhujumlar, shubhali urinishlar, fishing va ruxsatsiz kirishlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish orqali ma'lumotlar daxlsizligini ta'minlash;
- Foydalanuvchining shaxsiy kabinet faoliyati, tizimdagi texnik xatoliklar yoki uzilishlar bo'yicha qo'llab-quvvatlash xizmatiga yuborgan murojaat va arizalarini ko'rib chiqish hamda texnik yordam ko'rsatish doirasida aloqa ma'lumotlaridan foydalanish;
- Tibbiyot axborot tizimining uzluksiz, barqaror va xavfsiz ishlashini ta'minlash, texnik nosozliklar va yuklamalarni aniqlash hamda bartaraf etish, tizim resurslaridan foydalanish samaradorligini tahlil qilish va takomillashtirish maqsadida ma'lumotlarni shaxsni bevosita identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan (anonimlashtirilgan yoki depersonalizatsiya qilingan) statistik ko'rinishda qayta ishlash.
2.2. Ishlov berishning huquqiy asoslari:
2.2.1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 dekabrdagi “Sog'liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg'or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-415-son qaroriga ko'ra, sog'liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan axborot tizimlarini rivojlantirish va ularni ishlab chiqish vazifasi Yagona integratorga yuklatilgan. Shuningdek, Sog'liqni saqlash vazirligining 2024 yil 17 dekabrdagi “Yagona tibbiyot axborot tizimini joriy etish haqida”gi 384-sonli buyrug'iga muvofiq, tibbiyot axborot tizimini texnik qo'llab quvvatlash, kiberxavfsizligini hamda uzluksiz ishlashini ta'minlash Yagona integratorning asosiy vazifalari etib ko'rsatilgan.
2.2.2. Ushbu hujjatlarda belgilangan vazifa va funksiyalarni bajarish maqsadida Yagona integrator tibbiyot axborot tizimini ishlab chiqish, joriy etish (amaliyotga tatbiq etish), ekspluatatsiya qilish, texnik qo'llab-quvvatlash, rivojlantirish hamda uning axborot va kiberxavfsizligini ta'minlash bo'yicha qonunchilikda belgilangan vazifalarni amalga oshiradi.
2.2.3. Tibbiyot axborot tizimi bilan bog'liq shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishda mulkdor va (yoki) operator quyidagi qonuniy asoslarga tayanadi:
2.2.3.1. “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonunning 18-moddasi 2-qismining birinchi xatboshisi hamda 25-moddasi 3-qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq, sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlariga va (yoki) shaxsga doir maxsus ma'lumotlariga ishlov berish uchun uning roziligi mavjud bo'lganda, shu jumladan, ushbu rozilik yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida berilgan hollarda amalga oshiriladi.
Mazkur Maxfiylik siyosatida operator va mulkdorning qonuniy majburiyatlarini bajarish hamda foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomaviy munosabatlarni amalga oshirish uchun shart bo'lgan (va qonunchilikka ko'ra qo'shimcha rozilik talab etilmaydigan) majburiy maqsadlar belgilanadi.
Ushbu majburiy maqsadlar doirasidan tashqariga chiquvchi, qonuniy majburiyatlarni bajarish bilan bevosita bog'liq bo'lmagan boshqa har qanday qo'shimcha maqsadlarda foydalanuvchining shaxsga doir (shu jumladan maxsus) ma'lumotlariga ishlov berish uchun foydalanuvchining roziligi alohida hujjat va (yoki) elektron interfeysdagi maxsus tasdiqlash belgilari orqali mutlaqo ixtiyoriy ravishda alohida olinadi.
2.2.3.2. “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonunning 18-moddasi 2-qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq, sub'ekt taraf bo'lgan shartnomani bajarish uchun bu ma'lumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar sub'ektning so'roviga binoan choralar ko'rish zarur bo'lganda;
2.2.3.3. “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonunning 18-moddasi 2-qismi 3-xatboshiga muvofiq, ishlov berish mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun zarur bo'lganda;
Bunda, Sog'liqni saqlash vazirligi va bevosita tibbiy xizmat ko'rsatuvchi muassasalar tomonidan tibbiyot axborot tizimidagi ma'lumotlarga ishlov berishning qonuniy asosi O'zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida”gi Qonuni bilan belgilanadi. Tizim orqali ma'lumotlarga ishlov berish bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatish (kasalliklarni aniqlash, davolash va oldini olish), xizmatlarni muvofiqlashtirish hamda sog'liqni saqlash organlarining qonunchilikda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishi uchun huquqiy majburiyat sifatida e'tirof etiladi.
Shu bilan birga, 2.1-bandda ta'kidlangan normativ-huquqiy hujjatlar asosida tibbiyot Platformasini texnik va infratuzilmaviy yuritish Yagona integrator zimmasiga yuklatilgan qonuniy majburiyat deb e'tirof etiladi.
2.2.3.4. “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonunning 25-moddasi 3-qismi to'rtinchi xatboshisi – sub'ektning yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini (masalan, aholi salomatligini saqlash sohasidagi muhim jamoat manfaatlarini) himoya qilish maqsadida ishlov berish zarur bo'lganda;
2.2.3.5. “Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida”gi Qonunning 25-moddasi 3-qism sakkizinchi xatboshisi – qayta ishlash tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilayotganda yoki tibbiy tashxis, davolash belgilanayotganda, bunday ma'lumotlarga shaxsga doir ma'lumotlarning himoya qilinishini ta'minlash majburiyati zimmasiga yuklatilgan tibbiyot xodimi yoki sog'liqni saqlash muassasasining boshqa shaxsi tomonidan ishlov berilishi sharti bilan amalga oshiriladi.
3. Ishlov beriladigan shaxsga doir ma'lumotlarning tarkibi
3.1. Bemor portali orqali quyidagi shakldagi ma'lumotlar yig'iladi va qayta ishlanadi:
- Umumiy va identifikatsiya ma'lumotlari: F.I.O., JSHSHIR, pasport/ID-karta seriyasi va raqami, tug'ilgan sana, jins;
- Aloqa ma'lumotlari: Mobil telefon raqami, elektron pochta manzili, yashash manzili;
- Tibbiy va maxsus ma'lumotlar: Elektron tibbiy karta yozuvlari, dispanser kuzatuvi, qon guruhi va rezus-faktor, allergik reaksiyalar, tayinlangan dori vositalari va elektron retseptlar, laboratoriya va instrumental (MRT, UZI, Rentgen) tekshiruvlar natijalari, emlash ma'lumotlari, tashriflar va davolash tarixi;
- Vasiylik ma'lumotlari: Voyaga etmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxslarning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi maqom va hujjatlar;
- Texnik ma'lumotlar: IP-manzil, autentifikatsiya tokenlari, OneID tizimi orqali yuboriladigan identifikatsiya tasdiqlari va foydalanuvchining tizimdagi aktivlik jurnallari (logs).
3.2. HealthKit / Health Connect orqali sog'liq ma'lumotlariga (Health Data) kirish. Ilova Apple HealthKit (iOS) va Google Health Connect (Android) tizimlari orqali foydalanuvchining qurilmasida mavjud bo'lgan quyidagi sog'liq ma'lumotlarini (Health Data) faqat O'QIYDI (read-only tartibda) va ularni mobil ilovada foydalanuvchiga ko'rsatadi; ilova bu ma'lumotlarni yozmaydi, o'zgartirmaydi va HealthKit/Health Connect bazasiga qaytarib yubormaydi:
- Qadamlar soni (Steps);
- Yurak urishi ko'rsatkichi (Heart Rate);
- Sarflangan kaloriyalar (Active/Total Energy Burned).
Ushbu ma'lumotlarga kirish faqat foydalanuvchi tomonidan qurilma darajasida (device-level permission) aniq ruxsat berilgandan so'ng amalga oshiriladi. Ma'lumotlar: (a) faqat foydalanuvchining o'z shaxsiy kabinetida ko'rsatish maqsadida ishlatiladi; (b) reklama, marketing yoki profillashtirish maqsadlarida ishlatilmaydi; (v) uchinchi shaxslarga, shu jumladan tahliliy yoki reklamaviy xizmatlarga uzatilmaydi. Foydalanuvchi ushbu ruxsatni istalgan vaqtda qurilma sozlamalari (iOS: Health > Data Access & Devices; Android: Health Connect ilovasi sozlamalari) orqali bekor qilishi mumkin.
4. Ro'yxatdan o'tish, identifikatsiya va kirish tartibi
4.1. Bemor portaliga kirish faqat davlat identifikatsiya axborot tizimlari (Yagona identifikatsiya tizimi — OneID) orqali amalga oshiriladi.
4.2. Identifikatsiya bosqichlari:
- Foydalanuvchi OneID orqali JSHSHIR, pasport ma'lumotlari, elektron pochta va telefon raqamini kiritish hamda SMS-faollashtirish kodini tasdiqlash orqali autentifikatsiyadan o'tadi.
- Muvaffaqiyatli tasdiqdan so'ng OneID tizimi Bemor portaliga texnik tasdiq (token) yuboradi va shaxsiy kabinetga kirish avtomatik ravishda ochiladi.
4.3. Voyaga etmaganlarning kirishi (14 yoshdan 18 yoshgacha):
Qonunchilikka muvofiq, 14 yoshdan oshgan va ID-karta/pasportga hamda OneID akkauntiga ega bo'lgan voyaga etmagan shaxslar Bemor portaliga mustaqil kirish huquqiga ega.
4.4. Qonuniy vakillarning kirishi:
Vasiylikdagi shaxslarning ma'lumotlariga kirish Platformada qayd etilgan vakillik ma'lumotlari asosida beriladi. Ma'lumotlar elektron tizimda mavjud bo'lmasa, tasdiqlovchi hujjatlar tibbiyot muassasasiga taqdim etilib, tizimga kiritilgandan so'ng ochiladi.
5. Ixtiyoriy kuki (Cookies) fayllarining qo'llanilishi
5.1. Ushbu Portalda kuki fayllari va shunga o'xshash texnologiyalardan foydalanilishi mumkin. Ixtiyoriy kuki fayllarini (masalan, tahliliy kukilar) o'rnatishdan oldin foydalanuvchi roziligi so'raladi. Foydalanuvchi istalgan vaqtda ilova sozlamalarida yoki brauzerda o'z tanlovini o'zgartirishi mumkin. Batafsil tafsilotlar uchun Platformaning “kuki siyosati”ga qaralishi lozim.
6. Shaxsga doir ma'lumotlarni saqlash va yo'q qilish
6.1. Shaxsga doir ma'lumotlar, mazkur Maxfiylik siyosatining 1.7-bandida ko'rsatilgan printsiplarga amal qilgan holda, O'zbekiston Respublikasi hududida jismoniy joylashgan texnik vositalardan foydalanib yig'iladi hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi.
6.2. Texnik va Asosiy operatorlar ma'lumotlarni ruxsatsiz kirish, oshkor qilish, o'zgartirish yoki yo'q qilishdan himoya qilish uchun zarur bo'lgan barcha tashkiliy va texnik (shifrlash, aloqa kanallarini himoyalash va kiberxavfsizlik) choralarini ko'radi.
6.3. Ma'lumotlar qonunchilikda belgilangan tibbiy arxivlarni saqlash muddatlari mobaynida saqlanadi.
6.4. Amalga oshirilishi natijasida shaxsga doir ma'lumotlarni tiklash imkoni bo'lmay qoladigan harakatlar shaxsga doir ma'lumotlarni yo'q qilishdir.
6.5. Shaxsga doir ma'lumotlar mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda yo'q qilinishi lozim:
- shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda;
- sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish uchun berilgan roziligi chaqirib olinganda;
- shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berishning sub'ekt bergan rozilik bilan belgilangan muddati o'tganda;
- sudning qarori qonuniy kuchga kirganda.
6.6. Foydalanuvchi tomonidan shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish bo'yicha berilgan rozilik mazkur Siyosatning 8.1.4-bandida belgilangan tarzda qaytarib olinganda yoki kirish cheklanganda, Platformaning markaziy bazasidagi bo'lishish va tarqatish funksiyalari to'xtatiladi. Bunda, tibbiyot muassasalari va mulkdorning qonunchilikda belgilangan tibbiy arxivlarni saqlash, majburiy hisobdorlik va audit jurnallarini (Log-fayllar) yuritish bo'yicha majburiyatlari saqlanib qoladi.
7. Shaxsga doir ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga va transchegaraviy uzatish
7.1. Foydalanuvchining shaxsga doir hamda tibbiy sirni tashkil etuvchi maxsus ma'lumotlari uchinchi shaxslarga (davlat organlari, sug'urta kompaniyalari, xususiy provayderlar va b.) faqat amaldagi qonunchilikda belgilangan asoslarda, shartnoma majburiyatlarini ijro etish doirasida yoki foydalanuvchining alohida roziligi bilan uzatiladi.
7.2. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, foydalanuvchining qo'shimcha roziligisiz uning shaxsga doir va tibbiy ma'lumotlari quyidagi davlat organlariga qonuniy vakolatlari doirasida taqdim etiladi:
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va majburiy ijro byurosiga — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan rasmiy so'rovlar (shifoxonaga kelib tushgan jinoiy ishlar, sudgacha tergov yoki sud muhokamalari) asosida;
- Favqulodda vaziyatlar va sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga — aholi hayoti va sog'lig'iga tahdid soluvchi xavflarni, yuqumli kasalliklar tarqalishini bartaraf etish hamda favqulodda holatlarni boshqarish maqsadida.
7.2.1. Foydalanuvchi tomonidan o'z ma'lumotlariga kirish bo'yicha cheklovlar mazkur Siyosatning 8.2.1-bandida belgilangan tartibda o'rnatilganidan qat'i nazar, foydalanuvchining hayoti yoki sog'lig'iga bevosita tahdid soluvchi shoshilinch va favqulodda tibbiy yordam ko'rsatish zarur bo'lgan hollarda, vakolatli tibbiyot xodimiga vaqtinchalik cheklangan ma'lumotlarni ochish (“Break-glass”) huquqi beriladi. Bunda:
- “Break-glass” tartibidan foydalanilganligi, uning aniq sabablari va kirgan tibbiyot xodimining shaxsi tizimning audit jurnalida (Log-fayl) o'zgartirib bo'lmaydigan tarzda to'liq qayd etiladi;
- Foydalanuvchining (yoki uning qonuniy vakilining) shaxsiy kabinetiga ushbu favqulodda kirish haqida darhol (PUSH-bildirishnoma yoki SMS-xabar orqali) avtomatik xabarnoma yuboriladi;
- Favqulodda kirishning asosliligi Texnik operator va Mulkdor tomonidan keyinchalik majburiy tartibda auditdan o'tkaziladi.
7.3. Shaxsga doir ma'lumotlar uchinchi shaxsga berilgan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator bu haqda sub'ektni uch kun ichida tegishli tartibda xabardor qiladi.
Sub'ektni yozma shaklda xabardor qilish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
- davlat organlari o'z vakolatlarini amalga oshirayotganda;
- shaxsga doir ma'lumotlar tarixiy, statistik, sotsiologik yoki ilmiy maqsadlarda ishlov berish uchun berilganda;
- shaxsga doir ma'lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo'lgan manbalardan yig'ilganda.
7.4. Shaxsga doir ma'lumotlarni mulkdor va (yoki) operator tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga uzatish shaxsga doir ma'lumotlarni transchegaraviy uzatishdir.
7.5. Shaxsga doir ma'lumotlarni transchegaraviy uzatish shaxsga doir ma'lumotlar sub'ektlarining huquqlari bir xilda himoya qilinishini ta'minlovchi chet davlatlar hududiga amalga oshiriladi.
7.6. Shaxsga doir ma'lumotlarning bir xilda himoya qilinishini ta'minlamaydigan chet davlatlar hududiga shaxsga doir ma'lumotlarni transchegaraviy uzatish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:
- sub'ektning o'z shaxsga doir ma'lumotlarini transchegaraviy uzatish bo'yicha roziligi mavjud bo'lganda;
- O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, aholining sog'lig'i va ma'naviyatini muhofaza qilish zarur bo'lganda;
- O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda.
7.7. Shaxsga doir ma'lumotlarni transchegaraviy uzatish O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining ma'naviyatini, sog'lig'ini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat mudofaasini hamda davlat xavfsizligini ta'minlash maqsadida taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
7.8. Tizim mulkdori yoki operatori bilan shartnoma asosida yoki boshqa qonuniy asosda foydalanuvchilarning shaxsga doir ma'lumotlariga kirish huquqini olgan har qanday uchinchi shaxs qonun hujjatlariga muvofiq ma'lumotlarning maxfiyligini saqlash hamda ularning kiberhimoyasini ta'minlash bo'yicha operator bilan teng ravishda yuridik javobgarlikni zimmasiga oladi.
7.9. Ma'lumot uzatiladigan uchinchi shaxslarning ro'yxati operator tomonidan shakllantiriladi va doimiy ravishda yangilanib boradi. Ushbu ro'yxat bilan tanishish mumkin.
8. Foydalanuvchilar (sub'ekt)ning huquqlari
8.1. Foydalanuvchilar (sub'ekt)ning huquqlari quyidagilardan iborat:
- mulkdorda va (yoki) operatorda, shuningdek uchinchi shaxsda o'z shaxsga doir ma'lumotlari va ularning tarkibi mavjudligini bilish;
- mulkdordan va (yoki) operatordan shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish to'g'risidagi axborotni so'rov bo'yicha olish;
- mulkdordan va (yoki) operatordan o'zining shaxsga doir ma'lumotlaridan foydalanish imkoniyatini berish shartlari to'g'risida axborot olish;
- o'zining shaxsga doir ma'lumotlariga nisbatan huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat etish;
- o'z shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish uchun rozilik berish va bunday rozilikni chaqirib olish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
- o'zining shaxsga doir ma'lumotlarini shaxsga doir ma'lumotlarning hamma foydalanishi mumkin bo'lgan manbalarida tarqatilishi uchun mulkdorga va (yoki) operatorga, shuningdek uchinchi shaxsga rozilik berish;
- shaxsga doir ma'lumotlarni o'chirishni so'rash;
- agar shaxsga doir ma'lumotlar to'liq bo'lmasa, eskirgan, noaniq bo'lsa, qonunga xilof ravishda olingan bo'lsa yoki ishlov berish maqsadlari uchun zarur bo'lmasa, mulkdordan va (yoki) operatordan o'zining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishni vaqtincha to'xtatib turishni talab qilish huquqiga ega.
8.1.2. Foydalanuvchi Bemor portali sozlamalari orqali o'zining elektron tibbiy kartasidagi ma'lumotlarni ko'rilishini cheklash (kirishni cheklash) huquqiga ega.
8.1.2.1. Foydalanuvchi tomonidan kirishni cheklash amalga oshirilganda, ushbu cheklov faqat Yagona raqamli sog'liqni saqlash platformasi orqali ma'lumotlarni keyinchalik boshqa tomonlarga uzatish va ko'rsatishni to'xtatadi. Bunday cheklov birlamchi tibbiy manbada (xizmat ko'rsatgan tibbiyot muassasasida) qonunchilikka muvofiq shakllantirilgan birlamchi tibbiy hujjatlar va arxiv yozuvlarining o'chirilishiga yoki yo'q qilinishiga olib kelmaydi.
8.1.3. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlarini tasarruf etishni uning qonuniy vakili amalga oshiradi.
8.1.4. Shaxsga doir ma'lumotlar sub'ekti o'z huquqlarini amalga oshirish yuzasidan mulkdor va (yoki) operatorga Bemor portalining mobil ilovasi yoki veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali (agar bunday funksional mavjud bo'lsa) yoxud telegram messenjeridagi @DHPmurojaatlar_bot yoki Call markazining +998 71 000 00 00 raqamiga murojaat qilishi mumkin.
8.2. Foydalanuvchining majburiyatlari:
- OneID va Bemor portaliga kirish ma'lumotlari (login, parol, SMS-kodlar) maxfiyligini mustaqil ta'minlash;
- O'z hisob ma'lumotlari orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar uchun shaxsan javobgar bo'lish;
- Kontakt ma'lumotlari o'zgarganda shaxsiy kabinetdagi ma'lumotlarni o'z vaqtida yangilab borish;
- Portal orqali beriladigan ma'lumotlar faqat tanishish xususiyatiga ega ekanini, ular mustaqil tashxis yoki davolanish uchun asos bo'la olmasligini inobatga olish.
9. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish
9.1. Sub'ekt muomalaga layoqatsiz bo'lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda, uning qonuniy vakili sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish uchun yozma ravishda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi. Bundan mazkur Siyosatning 4.3-bandida belgilangan holatlar mustasno.
9.2. Voyaga etmagan sub'ektlarning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish uchun ularning ota-onalari (vasiylari, homiylari), ular yo'qligida esa vasiylik va homiylik organlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.
9.2.1. Tibbiyot axborot tizimida voyaga etmagan shaxs nomidan shaxsiy kabinetdan foydalanish, tibbiy xizmatlarni boshqarish hamda mazkur Maxfiylik siyosatida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish qonuniy vakillikni tasdiqlovchi ma'lumotlar mavjud bo'lgan taqdirda amalga oshiriladi.
9.2.2. Mulkdor va (yoki) operator voyaga etmaganlarning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha qonunchilikda belgilangan qo'shimcha talablarni ta'minlaydi.
9.3. Sub'ekt vafot etgan taqdirda, uning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish uchun rozilikni, agar sub'ekt hayotligi chog'ida bunday rozilikni bermagan bo'lsa, uning merosxo'rlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beradi.
9.4. Sud tomonidan vafot etgan deb e'lon qilingan, bedarak yo'qolgan deb topilgan sub'ektning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berish uning merosxo'rlarining yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida berilgan roziligiga ko'ra amalga oshiriladi.
10. Shaxsga doir ma'lumotlarning olinishi (yig'ilishi) manbalari
10.1. Operator va (yoki) mulkdor mazkur Maxfiylik siyosatida nazarda tutilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun shaxsga doir ma'lumotlarni quyidagi manbalardan olishi va ularga ishlov berishi mumkin:
- foydalanuvchining o'zi tomonidan mobil ilova, veb-sayt, shaxsiy kabinet yoki boshqa elektron aloqa vositalari orqali taqdim etilgan ma'lumotlar;
- davlat axborot tizimlari va resurslari, shu jumladan foydalanuvchini identifikatsiya qilish yoki uning ma'lumotlarini tekshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda integratsiya qilingan axborot tizimlari;
- davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, shifoxonalar hamda boshqa sog'liqni saqlash tashkilotlari tomonidan shakllantirilgan tibbiy ma'lumotlar;
- laboratoriyalar, diagnostika markazlari va instrumental tekshiruvlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan tibbiy tekshiruv natijalari;
- farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar va elektron retsept tizimlari orqali shakllantiriladigan ma'lumotlar;
- qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat tibbiy sug'urtasi yoki boshqa sog'liqni saqlash tizimi ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar;
- foydalanuvchining mobil qurilmasi yoki veb-brauzeri orqali avtomatik ravishda shakllanadigan texnik ma'lumotlar (qurilma turi, operatsion tizim, IP-manzil, ilova versiyasi, sessiya identifikatorlari va shunga o'xshash texnik ma'lumotlar);
- axborot tizimining xavfsizligi va uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida avtomatik ravishda shakllanadigan log-fayllar, audit jurnallari hamda texnik diagnostika ma'lumotlari;
- foydalanuvchining alohida roziligi mavjud bo'lgan hollarda, analitik va statistik xizmatlar orqali shakllantiriladigan depersonalizatsiya qilingan yoki agregatsiyalangan ma'lumotlar;
- qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa manbalar.
11. Yakunlovchi qoidalar
11.1. Foydalanuvchi Bemor portalida o'z shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berilishidan norozi bo'lgan taqdirda yoki qonunchilik buzilgan yoxud buzilgan deb hisoblash uchun asoslar mavjud bo'lganda, shu jumladan mazkur Maxfiylik siyosatining har qanday qismi yuzasidan tushuntirish olish zarur bo'lganda, Texnik operatorining telegram messenjeridagi @DHPmurojaatlar_bot yoki Call markazining +998 71 000 00 00 raqamiga murojaat qilishga haqlidir.
11.1.1. Agar mulkdor va (yoki) operator tomonidan shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga zid deb hisoblansa yoki foydalanuvchi o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deb hisoblasa, u O'zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organiga yoki sudga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish huquqiga ega.
11.2. Mulkdor va (yoki) operator O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi, butunligi, mavjudligi va himoyalanganligini ta'minlash, shuningdek ularga noqonuniy ishlov berish, ruxsatsiz foydalanish, oshkor etish, o'zgartirish, yo'q qilish yoki boshqa noqonuniy harakatlarning oldini olish maqsadida zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko'radi.
11.3. Maxfiylik siyosati Asosiy operator tomonidan Platformada foydalanuvchilarning shaxsga doir hamda maxsus shaxsga doir ma'lumotlarini yig'ish, tizimlashtirish va qayta ishlash qoidalaridagi har qanday huquqiy, texnik va tashkiliy o'zgarishlarni aks ettiradi. Ushbu Siyosat uchinchi shaxslar uchun ochiq va shaffof hujjat hisoblanib, qonunchilik hujjatlaridagi o'zgarishlar yoki tizim funksionalligining kengayishi munosabati bilan Asosiy operator tomonidan uning yangi tahriri tasdiqlangunga va e'lon qilingunga qadar muddatsiz amal qiladi.
11.4. Maxfiylik siyosatiga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar Platforma mobil ilovasi hamda rasmiy veb-saytida e'lon qilingan paytdan e'tiboran kuchga kiradi. Operator Maxfiylik siyosatidagi jiddiy o'zgarishlar to'g'risida foydalanuvchilarni shaxsiy kabinet, PUSH-bildirishnomalar yoki SMS-xabarnomalar orqali faol ravishda xabardor qilish choralarini ko'radi.
11.5. Agar kiritilayotgan o'zgarishlar shaxsga doir (shu jumladan maxsus) ma'lumotlarni qayta ishlashning yangi maqsadlarini yoki uchinchi shaxslarga uzatish shartlarini ko'zda tutsa va bu holat qonunchilikka muvofiq foydalanuvchining ixtiyoriy roziligini talab qilsa, ushbu o'zgarishlar faqatgina foydalanuvchi tomonidan Bemor portali tizimida qayta (qo'shimcha) rozilik berilganidan keyin unga nisbatan tatbiq etiladi.